13 Noyabr 2023 1408

Navbatdagi “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kunga bagʻishlanadi

19-noyabr kuni Respublikamizning 16 ta shahrida davlatchiligimiz uchun muhim sanalardan biri 18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun munosabati bilan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi. Bugun Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida ushbu tadbirga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov, Yengil atletika boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Sanatilla Gʻulomnazarov, tashkiliy qoʻmita masʼullari va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Dastavval musobaqa haqida umumiy maʼlumot berib oʻtildi.

Unga koʻra, ommaviy yugurish musobaqasi Respublikamizning 15 ta shaharda 3 km, poytaxtimizda esa 3 va 10 km masofalarga oʻtkaziladi. Umumiy hisobda Toshkent shahrida oʻtadigan tadbirda 6000 mingdan ziyod, Respublika miqyosida esa 100 mingdan ortiq sportsevar hamyurtlarimiz ishtirok etishi kutilmoqda. Mutasaddilarning bildirishcha, musobaqada qatnashish uchun qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan ham sportchilar taklif etilgan.

Qayd etish joiz, ushbu ommaviy yugurish musobaqasi targʻibotini yanada kuchaytirish maqsadida Respublikamizning bir qator viloyatlarida ham matbuot anjumanlarini tashkil etish koʻzda tutilgan. Anʼanaga muvofiq, “Humo arena” majmuasining oldidagi maydon Toshkentda oʻtadigan poyganing start va finish nuqtasi sifatida belgilandi. Barcha hududlardagi bellashuvlarga 19-noyabr kuni soat 07:30 da start beriladi.

Text to speech