13 Noyabr 2023 3344

Jahon boks ixlosmandlarining nigohi Toshkentda

Xabar berganimizdek, bugun Toshkentda Butunjahon boks kengashining (WBC) 61-konvensiyasi oʻz ishini boshladi. “Hilton” mehmonxonasida oʻtgan ochilish marosimida WBC prezidenti Maurisio Sulaymon, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisi Achilbay Ramatov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Oʻzbekiston professional boks federatsiyasi vasiylik kengashi raisi Qudratilla Rafikov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Oʻzbekiston professional boks federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Gʻofur Rahimov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitasi rahbariyati, OAV va jahon boksi yulduzlari ishtirok etishdi.

Dastavval Achilbay Ramatov soʻz olib, mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan sogʻlom turmush tarzi, xususan, sportga qaratilayotgan ulkan eʼtibor xususida toʻxtalib oʻtdi. Bokschilarimizning xalqaro maydonda qayd etayotgan ulkan yutuqlarini alohida eʼtirof etdi va tadbirni rasman ochiq deb eʼlon qildi. Oʻz oʻrnida, Maurisio Sulaymon mamlakatimiz ushbu yirik sport tadbiriga yuqori saviyada hozirlik koʻrgani, professional bokschilarimizning jahon ringlarida yirik gʻalabalarga erishib borayotgani haqida gapirib oʻtdi.

Tadbirda WBC prezidenti A.Ramatov va Gʻ.Rahimovga uzoq yillik hamkorlik va mazkur konvensiyani yuqori saviyada tashkil etishdagi yordami uchun tashkilotning esdalik sovgʻalarini taqdim qildi. Shuningdek, oʻzbek boksining yulduzlariga ham maxsus medallar topshirildi.

Toshkentdagi konvensiyada WBC tashkilotining 60 yillik yubiley tantanalari ham nishonlanadi. Bugungi tadbirda Evander Xolifild, Xulio Sezar Chaves, Kostya Szyu, Amir Xan, Aleksandr Usik va boshqa boks yulduzlarining ishtirok etishgani unga boʻlgan qiziqishning yanada ortishiga sabab boʻldi. 17-noyabrgacha oʻtadigan WBC konvensiyasi doirasidagi boshqa tadbirlar davomida Mayk Tayson, Tayson Fyuri, Vasiliy Lomachenko kabi boks afsonalari ham Toshkentga tashrif buyuradi.

Toshkentdagi WBC 61-konvensiyasi kun tartibidan taʼlim, doping, hakamlik, xalqaro munosabatlar, boks qoidalariga kiritilgan oʻzgarishlar, reytinglar, chempionlik kamarlari, xayriya va jamoat tashabbuslari kabi bir nechta masalalar boʻyicha yigʻishlar oʻrin olgan. Marosimning soʻnggi kuni yaʼni 17-noyabrda Toshkentdagi muhtasham “Humo Arena”da katta professional boks kechasi boʻlib oʻtadi. Oʻzbekistonning LIFT promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan oqshomning markaziy jangi superogʻir vazn toifasida oʻtkazilib, unda hamyurtimiz Bahodir Jalolov JAR vakili Kris Tompsonga qarshi ringga koʻtariladi. Shuningdek, ushbu turnirda Abdumalik Halakov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Mujibillo Tursunov, Qudratillo Abduqahhorov singari taniqli charm qoʻlqop ustalarimiz ham ringga chiqadi.

Text to speech