11 Noyabr 2023 943

Boʻstonliqdagi “Yoshlar va sportchilar bogʻi”ga 2500 tup daraxt ekildi

Ayni kunlarda yurtimizning koʻplab hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta koʻchatlarini ekish boʻyicha katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bugun sportsevar yoshlar ham ushbu loyihaga oʻz hissalarini qoʻshishdi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qoʻmitalari hamkorligida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida “Yoshlar va sportchilar bogʻi” barpo qilinmoqda. Bugun hududda kuzgi daraxt ekish mavsumidan unumli foydalangan yoshlar “Ommaviy koʻchat ekish” aksiyasida ishtirok etishdi.

Tadbirda Adham Ikramov boshchiligidagi Yoshlar siyosati va sport vazirligining mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Toshkent shahri va viloyatining taniqli sportchilari, faol yoshlar qatnashishdi. Marosimda soʻz olgan rasmiylar mamlakatimizdagi yashil hududlar maydonini kengaytirish, davlatimiz rahbarining bu boradagi tashabbuslari ekologiyamiz uchun qanchalik muhim ekanini taʼkidlashdi.

Bugun “Yoshlar va sportchilar bogʻi” uchun ajratilgan 20 gektar maydonga 2500 tup koʻchat ekildi. Rejaga koʻra, loyiha davomida jami 10 ming tup daraxt ekilishi koʻzda tutilgan.

Text to speech