Jahon chempionati sari bir qadam
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan “Jumping CSIO1*-W World Cup Eurasian League” va “FEI Jumping Nations Cup” musobaqalari terma jamoamiz uchun tarixiy natijalar bilan yodda qoldi. Boisi ushbu musobaqada hamyurtlarimiz ham Gran-pri, ham jamoaviy yo‘nalishda bosh sovrinni qo‘lga kiritishdi.
O‘zbekiston, Rossiya , Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning sara chavandozlari ishtirokidagi mazkur bellashuvlar so‘nggi kunida jamoaviy yo‘nalishda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Quvonarlisi, unda hamyurtlarimiz birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Ta’kidlash joiz, Millatlar kubogida jamoamiz hech qachon ketma-ket ikki bor, shuningdek, bir bosqichda ham Gran-pri, ham jamoaviy yo‘nalishda g‘alabaga erishmagan. Eslatib o‘tamiz, bundan avval Toshkentda o‘tkazilgan bosqichda ham chavandozlarimiz tengsiz bo‘lishgan edi.
Oldinda sportchilarimizni Rossiya va Qozog‘istonda o‘tadigan bosqichlar kutib turibdi. Ushbu bosqichlardan birida jamoamiz yana bir g‘alabaga erishadigan bo‘lsa, Barselonada dunyoning eng kuchli 8 sakkiz jamoasi ishtirokida kechadigan jahon chempionatiga yo‘llanma oladi.
Shubhasiz, bunday g‘alabalar hukumatimiz, shaxsan yurtboshimizning sportni har tomonlama rivojlantirish va uni qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan e’tiborlari natijasidir. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston yilqichilik va ot sport federatsiyasini qo‘lga kiritilgan navbatdagi muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklab, jahon chempionati yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritishlarini tilab qoladi.