“Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasi OAV nigohida
Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi tomonidan Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlari uchun qurilayotgan Olimpiya shaharchasi boʻylab press-tur tashkil etildi. Tadbirda vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, loyihaga jalb qilingan xorijlik ekspertlar, 40 nafarga yaqin OAV xodimlari ishtirok etishdi.
2022-yil 9-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur shaharcha qurilishiga tamal toshini qoʻygan edi. Bugungi tadbirda 1 yil oʻtgandan soʻng shaharchadagi qurilish ishlari, jarayon qay holatda ekani xususida batafsil maʼlumot berildi.
Shaharchaning umumiy maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming oʻrinli yengil atletika va futbolga ixtisoslashgan stadion, 6 ta yopiq va 13 ta ochiq inshootlar barpo etilmoqda. Qayd etish joiz, mazkur loyiha Yangi Oʻzbekistonning imkoniyatlarini nafaqat Osiyo, balki butun dunyoga koʻrsatib beradi. Qurilish jarayoni Xitoyning “ CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Rasmiylar qurilish ishlari davlatimiz rahbari tomonidan berilgan koʻrsatmalar asosida olib borilayotganini taʼkidlashdi. Shaharcha ichiga quyosh panellari ham oʻrnatilib, ular maydonni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun toʻla quvvatga ega boʻladi. Shuningdek, elektr avtomobillarni quvvatlash uchun ham bekatlar barpo etiladi.
Press-tur davomida federatsiyalar mutasaddilari, xorijlik ekspertlar qurilayotgan obyektlar zamonaviy qoplamalar bilan jihozlanishi boʻyicha Markaziy Osiyoda yagona boʻlishi, bunday loyiha qitʼamizda ham sanoqli mamlakatlarda borligiga alohida urgʻu qaratishdi. Tadbirda qatnashgan rasmiylarlar bilan shu yerning oʻzida alohida suhbatlar ham tashkil etildi va unda jurnalistlar mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.