31 May 2021 2294

Ular Tokioga borishadi: Uchinchi Olimpiadasiga tayyorlanayotgan Mo‘minjon Abdullayev

“Ular Tokioga borishadi” loyihamiz davom etadi. Bugun Sizlar bilan yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz vakili Mo‘minjon Abdullayev haqida gaplashamiz.

Mo‘minjon Rustamovich Abdullayev 1989 yil 24 dekabr kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Birinchi murabbiyi Sharof Mamаtqulov.

Polvonimiz yunon-rum kurashida -130 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Terma jamoamiz tarkibidagi dastlabki yirik yutug‘i 2010 yilga to‘g‘ri keladi. Hindistonda o‘tgan Osiyo chempionatida Abdullayev 96 kg vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi. Shundan so‘ng bir pog‘ona yuqori vaznga o‘tdi va kichik moslashish davridan so‘ng yana katta muvaffaqiyatlarga erisha boshladi. Ular orasida London-2012 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritilganini alohida aytib o‘tish mumkin.

Hamyurtimiz faoliyati davomida 2017 yil Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari, Islom birdamligi o‘yinlarida kumush, Nyu-Dehlida o‘tgan Osiyo chempionatida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 2018 yilgi qit’a birinchiligida ham kumush medal bilan yurtimizga qaytdi. Biroq o‘sha yili Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida barcha raqiblarini mag‘lub etib, delegatsiyamiz hisobiga oltin medalni taqdim qilgan.

Kurashchimiz 2016 yil Rio Olimpiadasida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan. Joriy yil Olma-otada o‘tgan litsenzion musobaqa orqali Tokio-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Text to speech