31 Oktyabr 2023 1772

Panamerika oʻyinlarida gʻayritabiiy holat

Ayni kunlarda Chilining Santyago shahrida Panamerika oʻyinlari boʻlib oʻtmoqda. Yengil atletika bahslarining ayollar oʻrtasida 20 kmga sportcha yurish dasturida kutilmagan natija yuz berdi. Gap shundaki, atletlar bosib oʻtgan masofa aslidagidan taxminan 3 kmga kam boʻlib chiqdi. Buning natijasida:

– Musobaqada gʻalaba qozongan sobiq jahon chempioni, perulik Kimberli Garsiya masofani 1 soat, 12 daqiqa, 26 soniyada bosib oʻtdi. Bu amaldagi jahon rekordidan 11 daqiqa yaxshiroq natija;

– Marra chizigʻini kesib oʻtgan 12 sportchi jahon rekordidan yuqoriroq natija qayd etgan va ularning barchasi Parij-2024 normativini bajargan.

Sportchilarning oʻzlari ham finishdan soʻng masofa qisqaligini his qilishgan va bu boʻyicha eʼtiroz bildirishgan. Tashkiliy qoʻmitaning qarori yanada hayratlanarli boʻldi. Unga koʻra, barcha atletlarning natijasi nolga tenglashtirildi. Biroq taxminan 17 km masofaga kechgan poygada marra chizigʻini kesib oʻtgan dastlabki uch sportchi Kimberli Garsiya (Peru), Glenda Morexon (Ekvador) va Evelin Inga (Peru) shohsupaga koʻtarildi va ularga mos ravishda oltin, kumush hamda bronza medallari taqdim qilindi.

Shundan soʻng erkaklar oʻrtasidagi poyga haqiqiy 20 km masofaga oʻtkazildi. Ayollar oʻrtasida yuzaga kelgan vaziyatda tashkiliy qoʻmita Panamerika yengil atletika federatsiyasini aybladi.

Text to speech