27 Oktyabr 2023 1131

Toshkentda yosh stol tennischilar uchun xalqaro yigʻin oʻtkazilmoqda

Ayni kunlarda “Central Asian University”da stol tennisi boʻyicha “2023 ITTF - Markaziy Osiyo umidlari haftaligi” boʻlib oʻtmoqda. 30-oktyabrga qadar davom etadigan tadbirda Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va yurtimizning 35 nafar 11 yoshli oʻgʻil-qizlari qatnashmoqda.

Mazkur haftalik iqtidorli yoshlarni saralash, ularni oʻz yosh toifalarida oʻtadigan Osiyo hamda jahon chempionatlari, boshqa yirik xalqaro musobaqalarga tayyorlash maqsadida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadi.

Xalqaro stol tennisi federatsiyasi hamda Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Hindiston ayollar stol tennisi jamoasi bosh murabbiyi Prabxu Mamata ekspert sifatida faoliyat olib bormoqda. Mutaxassis tashkil etilgan yigʻin davomida yosh sportchilarning texnikalarini kuchaytirish, ularga ushbu sport turining oʻziga xos qirralarini oʻrgatish borasida oʻz bilimlarini ulashmoqda.

Rejaga muvofiq, 25-28-oktyabr kunlari oʻquv-mashgʻulot yigʻini, 28-30-oktyabrda esa oʻrtoqlik musobaqasi oʻtkazilib, gʻolib va sovrindorlarga esdalik sovgʻalari taqdim etiladi.

Text to speech