18 Oktyabr 2023 2688

O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assosiatsiyasiga asos solindi

Mamlakatimizda aholi orasida jismoniy tarbiya va sport, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assosiatsiyasi tashkil etildi. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Assosiatsiyaning ilk Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov, Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Durdona Rahimova, Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, fintes va masrestling federatsiyasining mas’ullari ishtirok etishdi. 

Oybek Omilovich dastavval tashkil etilayotgan yangi assosiatsiyaning maqsad va vazifalari xususida to‘xtalar ekan bu Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomalarida ilgari surgan Sog‘lom turmush tarzi harakatining amaliy natijasi bo‘lishini ta’kidladi. 

Tadbirda Odil Qalandarovich Abduraxmonov nomzodi O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assosiatsiyasi raisligiga ilgari surildi. Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi va O.Abduraxmanov yangi tashkil etilgan ushbu assosiatsiya raisi etib saylandi. 

O‘z navbatida, Odil Qalandarovich bildirilgan ishonchni oqlashga, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qilish, mamlakatimizdagi fitnes industriyasini yanada kuchaytirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ishga solishga va’da berdi.

Kun tartibiga muvofiq, Assosiatsiya raisi o‘rinbosarlarining tarkibi ham shakllantirib olindi. Unga ko‘ra, Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, shuningdek, Jahongir Navro‘zov, Mohir Karimov hamda Shohruh Daliyev Assosiatsiya raisning o‘rinbosarlari lavozimiga saylanishdi. 

Tadbirda so‘z olgan Durdona Rahimova Yoshlar siyosati va sport vazirligi ushbu tashkilot faoliyatini rivojlantirish, yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda yelkadosh bo‘lishini bildirdi. Shuning bilan, O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assosiatsiyasining Konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.

Text to speech