Сhavandozlarimiz Qirg‘izistondagi xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda
Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahrida ot sportining konkur yo‘nalishida FEI Jumping CSIO1*-W World Cup Eurasian League va FEI Jumping Nations Cup xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqaning to‘siq balandligi 150 sm bo‘lgan Gran-pri dasturida terma jamoamiz vakillari Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston chavandozlarini ortda qoldirib, barcha sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Umid Komilov Numero “Uno Rafayel” laqabli otida 1-o‘rinni, Bekzod Qurbonov “Sir Stenograf” tulporida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, “King Kornet L” otida ishtirok etgan Bekzod Qurbonov kuchli uchlikni yakunlab berdi. Ahamiyatlisi, boshqa bir vakilimiz Nurjan Tuyakbayev “Lanselotta” laqabli otida 4-natijani qayd etdi.
Ikkinchi kungi dasturda esa 140 sm to‘siqlar ustidan o‘tish bahslarida Bekzod Kurbanov “King Kornet L” oti bilan bu gal g‘alabani tantana qildi. Saidamirxon Turg‘unboyev esa 120 sm balandlikdagi to‘siqlardan oshib o‘tishda “Kornet BS” otida eng yaxshi natijani qayd etgan bo‘lsa, “Kastaniya” tulporida uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning ertangi dasturlarida ham hamyurtlarimizga omad tilaymiz!