15 Oktyabr 2023 563

Polo bo’yicha mamlakat birinchiligida kuchlilar aniqlandi

Toshkentdagi “Universal Horses Stables” ot sporti majmuasida polo bo’yicha mamlakat chempionati o’tkazildi. Unda Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 8 ta jamoa g’oliblik uchun bahs olib bordi. 

Qizg’in bahslar yakunida poytaxt jamoasi oltin medalni qo’lga kiritdi. Ikkinchi o’rin Jizzax viloyatiga nasib etgan bo’lsa, Toshkent viloyati jamoasi kuchli uchlikni yakunlab berdi. 

Musobaqa davomida har bir o’yin qiziqarli kurashlarga boy o’tdi. Garchi shohsupaga ko’tarila olmagan bo’lsa ham, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatidan tashrif buyurgan polochilar o’zlarining g’alabaga bo’lgan ishtiyoqi bilan ajralib turishdi. 

O’zbekiston polo federatsiyasi nisbatan yosh. Dastlabki yillar mamlakat chempionatida 3-4 ta jamoa qatnashgan bo’lsa, bugunga kelib ishtirokchilar geografiyasi kengaydi. Bir so’z bilan aytganda, polo bo’yicha O’zbekiston chempionati sportchilarning o’z qobiliyatlarini ko’rsatish uchun ayni muddao bo’ldi.

Text to speech