Toshkentda sport tibbiyoti boʻyicha xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi
Bugundan Toshkentda “Tibbiyot va sport: muammolar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻz ishini boshladi. MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) tomonidan oʻtkazilayotgan ushbu tadbirda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Ispaniya, Litva kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan shifokorlar sohaga oid soʻnggi yutuqlar, kamchilik va muammolar, ularning yechimlari borasida oʻz bilimlarini ulashadi.
“InterContinental Tashkent” mehmonxonasida oʻtgan tadbirning ochilish marosimida rasmiylar mavzuning dolzarbligi, bugungi kunda davlatimiz tomonidan sport tibbiyotini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida toʻxtalib oʻtishdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Elmira Basitxanova, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, RSTIAM direktori Kamol Sirojitdinov ishtirok etishdi.
Anjumanda mamlakatimizdagi federatsiya va assotsiatsiyalar, hududlardagi sport taʼlim muassasalarda faoliyat olib borayotgan sport shifokorlari, terma jamoa murabbiylari, soha mutaxassislari ishtirok etishmoqda. Dasturga muvofiq, 2 kun davomida xalqaro ekspertlar tomonidan mahalliy mutaxassislar uchun nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi.