Futbolchilarimiz o‘rtoqlik uchrashuvlaridan oldin yig‘in o‘tkazishmoqda
Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etib bronza medaliga sazovor bo‘lgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi FIFA kunlaridan unumli foydalangan holda ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Unda o‘z qit’alarida yetakchilar qatorida e’tirof etiladigan, shuningdek, allaqachon Parij-2024 yo‘llanmasini naqd qilgan Ispaniya va Misr yoshlar tema jamoalari Timur Kapadze shogirdlarining raqibi bo‘ladi. “Bunyodkor” stadioni mezbonlik qiladigan o‘yinlarda jamoamiz 13-oktyabr kuni Ispaniya, 16-oktyabrda esa Misr bilan kuch sinashadi.
Yigitlarimiz hozirda “Do‘stlik” terma jamoalar markazida mashg‘ulotlarni o‘tkazishmoqda. Xabaringiz bor, bir oy muqaddam jamoamiz kelasi yil Qatarda o‘tadigan U-23 Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Qatar maydonlarida o‘tadigan musobaqa esa kuchli uchlikka kirgan jamoalarga Parij-2024 Olimpiadasi eshiklarini ochadi. Shu bois unga tayyorgarlik yo‘lida eng kuchli jamoalar bilan hozirlik ko‘rish ayni muddao. Olimpiya terma jamoamizning bugungi mashg‘ulotiga MOQ ob’yektividan nazar tashlaymiz.