10 Oktyabr 2023 1596

Tarixiy natija qayd etgan Xanchjou-2022 qahramonlari tantanali kutib olindi

Joriy yilning 23-sentyabr – 8-oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi tantanali kutib olindi. Delegatsiya davlatimiz tomonidan tashkil qilingan maxsus charter reysda Toshkentga yetib keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida delegatsiyamizni O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati qarshi oldi.

Tantanali tadbirda Abdulla Nigmatovich muzaffar sportchilarimizni erishilgan muvaffaqiyat bilan qutlab, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigini o‘qib eshittirdi. O‘z navbatida, sportchilar nomidan so‘z olgan musobaqa chempionlari Bahodir Jalolov hamda Sharifa Davronova davlatimiz tomonidan qaratilayotgan bunday g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini bildirib, yurtboshimizning bunday eʼtibori Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari yo‘lida katta motivatsiya berishini taʼkidlab o‘tishdi.

Anʼanaga muvofiq, Osiyo o‘yinlari qahramonlariga poytaxtimizning markaziy ko‘chalari bo‘ylab chempionlar korteji tashkil etib berildi. Ularni minglab hamyurtlarimiz ko‘taringki ruhda qarshi olishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasi joriy Osiyo o‘yinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 bronza, jami 71 ta medal bilan umumjamoa hisobida 45 mamlakat orasida 5-o‘rinni egalladi. Qayd etish joiz, delegatsiyamiz nisbatan bir necha barobar ko‘p sportchi bilan tashrif buyurgan va kuchli o‘nlikdan o‘rin olgan Tailand, Xitoy Taipeyi, shuningdek, qitʼamiz sportida yuqori nufuzga ega bo‘lgan Qozog‘iston, Eron, Gonkong, Qatar, Bahrayn kabi jamoalarni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu galgi Osiyo o‘yinlarida atletlarimiz futbol, shuningdek, dzyudo, qilichbozlik, o‘q otish, badiiy gimnastika, taekvondo WT, shaxmat turlarining jamoaviy dasturlarida ko‘plab medallarni jamg‘arishdi. Medallar kesimini tahlil qiladigan bo‘lsak, jamoaviy dasturdagi sovrinlar bilan hisoblaganda, 113 nafar sportchi 132 ta medal qo‘lga kiritdi. Delegatsiyamiz hisobidagi 22 ta oltin medal 31 nafar sportchi hissasiga yozilgan bo‘lib, ularning deyarli teng yarmi (49 foizi) sportchi qizlarimiz ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu esa mamlakatimizda xotin-qizlar sportiga qaratilayotgan eʼtiborning yuksak samarasidir. Shuningdek, 26 nafar atlet tomonidan jamg‘arilgan 18 ta kumush medalning 39 foizi, 65 nafar sportchi keltirgan 31 ta bronza medalining 35 foizi aynan ayollar sportida erishilgan.

Demak, Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari ortda qoldi. Endi sportchilarimiz ertadanoq oldinda turgan muhim musobaqalar, eng avvalo, Parij-2024 Olimpiadasi sari tayyorgarlikni davom ettirishadi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bu yo‘lda barcha sportchi va murabbiylarga omad va zafarlar tilaydi. Shu bilan birgalikda, sport sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, atletlarimizni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildiradi.

Text to speech