7 Oktyabr 2023 893

Adham Ikramov Butunjahon shaxmat federatsiyasi Prezidenti Arkadiy Dvorkovich bilan uchrashdi

Maʼlum qilganimizdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbariyati Osiyo oʻyinlari doirasida bir qator xalqaro federatsiyalar mutasaddilari bilan koʻrishib, keng qamrovli hamkorlik rejalarini muhokama qilmoqda. Shaxmat musobaqalari doirasida Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov Butunjahon shaxmat federatsiyasi Prezidenti Arkadiy Dvorkovich bilan koʻrishdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida 2026-yilda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrish, oʻzbekistonlik shaxmatchilarning FIDE, jahon va Osiyo chempionatlarida muntazam ishtirok etishlari uchun sharoitlar yaratish muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida boʻlib oʻtadigan nufuzli shaxmat musobaqalarida oʻzbekistonlik hakamlar qatnashishini taʼminlash masalalari ham kun tartibidan oʻrin oldi.

Taʼkidlash lozimki, “2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi PQ-150-sonli qarori qabul qilingan boʻlib, unga muvofiq FIDE, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi va boshqa tashkilotlar mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruh tashkil etildi va u allaqachon oʻz faoliyatini boshlagan.

Uchrashuv yakunida Adham Ikramov Arkadiy Dvorkovichni Oʻzbekistonga taklif qildi va kelgusida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqilishiga umid bildirdi.

Text to speech