Adham Ikramov Xalqaro kanoe federatsiyasi prezidenti bilan hamkorlikning yangi qirralarini muhokama qildi
Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo oʻyinlariga bir qator xalqaro federatsiyalar rahbariyati ham tashrif buyurgan. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov Xalqaro kanoe federatsiyasi prezidenti Tomas Koneskiy bilan koʻrishib, istiqbolli rejalarni muhokama qildi. Uchrashuvda Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Oʻzbekiston Rowing&Canoe federatsiyasi raisi oʻrinbosari Tatyana Mamatqulova ham ishtirok etishdi.
Uchrashuv avvalida Tomas Koneskiy Adham Ilhamovichni oʻzbekistonlik sportchilar, xususan, kanoechilarning Osiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani bilan qutlab, mazkur sport turida hamyurtlarimizning yuqori natija qayd etganini alohida eʼtirof etdi. Oʻz navbatida, Yoshlar siyosati va sport vaziri davlatimiz tomonidan sport sohasiga qaratilayotgan ulkan eʼtibor sabab har bir sport turida yuqori natijalar qayd etilayotganini maʼlum qildi.
Suhbat davomida mamlakatimizda koʻplab xalqaro musobaqalarni oʻtkazish masalasi ham koʻrib chiqildi. Xalqaro mutaxassis Samarqand shahrida toʻla rekonstruksiya qilingan eshkak eshish kanalining imkoniyatlarini yuqori baholadi. Xususan, joriy yil yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionati yuqori saviyada tashkil etilgani haqida alohida toʻxtaldi. Qolaversa, xalqaro federatsiya bayrogʻi ostida oʻtadigan jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarni oʻtkazish masalasi ham muhokama qilindi. Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi.