Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbariyati Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri bilan hamkorlik rejalarini muhokama qilishdi
Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov bugun Xitoyning elektronika va texnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalaridan biri boʻlgan “Dafeng Technology Co LTD” shirkati direktori Gaven Feng bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat oʻrtasida soʻnggi yillarda savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda oʻzaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani alohida taʼkidlandi. Kompaniya ofisiga tashrif davomida ayni kunlarda korxona muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimoti va amaliy koʻrgazmalar namoyish etildi.
Taqdimot davomida, mazkur kompaniyada faoliyat olib borayotgan 80 dan ortiq ilmiy tadqiqot muhandislari tomonidan 160 dan ziyod yangi loyihalar ishlab chiqilgan boʻlib, ularning 120 dan ortigʻi jahon bozoriga chiqib ulgurganligi aytildi. Mutasaddilar kompaniya ishlab chiqarayotgan mahsulotlardan mamlakatimizda sport infratuzilmasini yanada rivojlantirishda foydalanish borasida fikr almashishdi.
Uchrashuv yakunida vazir Adham Ikramov kompaniya rahbari va mutasaddilarni Oʻzbekistonga taklif qildi hamda kelgusida hamkorlikda koʻplab loyihalar amalga oshirilishiga umid bildirdi.