28 May 2021 2476

Xanchjou-2022, Parij-2024: Tanzila Norboyeva va Aziz Abduhakimov velosportchilarimizning tayyorgarlik rejalari bilan tanishdi

O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi tomonidan Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, shuningdek, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Dastavval federatsiya bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev Xanchjou-2022 Osiyo va Parij -2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi.

 

Milliy terma jamoa aʼzolarini mazkur kompleks musobaqalarga tayyorlash uchun taklif etilgan va ayni paytda mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya terma jamoasining sobiq treneri, 2011 yildan 2020 yilgacha Amerikaning “Novo Nordisk” professional jamoasi murabbiyi bo‘lgan Gleb Groysmanning takliflari tinglandi.

Mutasaddilar velosportchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda sportchilarga motivatsiya bo‘ladigan dastur va loyihalarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidlashdi. Musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlarida xalqaro tajribadan foydalanish lozimligi ham alohida aytildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorlanish va litsenziyalar sonini ko‘paytirish uchun tashkil etilgan professional klubning taqdimoti ham o‘tkazildi.

Text to speech