28 May 2021 2504

Toshkent viloyati yoshlarini Mustaqilligimizning 30 yillik bayramiga munosib sovg‘a kutmoqda

MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbari Davron Hidoyatov bilan uchrashdi. Unda viloyatda ommaviy sport targ‘ibotini kuchaytirish, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da oshirish masalalariga bag‘ishlangan bir qator istiqbolli rejalar muhokama qilib olindi. Viloyatning futbol va umuman sport borasidagi imkoniyatlari ulkan ekanligi uchrashuv davomida alohida taʼkidlandi.

 

Suhbatning asosiy mavzularidan biri Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yillik tantanasiga munosib tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qilish bo‘ldi. Unda eng ulug‘, eng aziz bayramimizga bag‘ishlab, sportning 30 turidan Toshkent viloyatining mini-olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha ijobiy kelishuvga erishildi. Endilikda tomonlar o‘rtasida mazkur musobaqani tashkil etish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuziladi va tez orada amaliy ishlar boshlab yuboriladi. Taʼkidlash joiz, mazkur loyiha viloyatning yosh sportchilari uchun unutilmas tadbir bo‘lishi kutilmoqda.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Toshkent viloyatida o‘yin sport turlari va yakkakurash yo‘nalishlarini yana-da rivojlantirish, O‘zDJSTU, Chirchiq Olimpiya zaxiralari kolleji, futbol bo‘yicha Oliy sport mahorati maktablari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ham bir qator rejalar muhokama qilib olindi. Qolaversa, Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan viloyat atletlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy holatini nazorat qilib turish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi taʼkidlandi.

Text to speech