27 May 2021 2440

MOQ rahbari zamonaviy beshkurash federatsiyasining istiqbolli rejalari bilan tanishdi

MOQ rahbariyati Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar bilan Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik rejalarini muhokama qilishda davom etadi. Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasining mazkur musobaqalarga olib borilayotgan tayyorgarlik rejalari bilan tanishdi. Ushbu uchrashuvda Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi mutasaddilari va MOQ vakillari ham ishtirok etishdi.

Suhbat davomida federatsiya rahbariyati o‘z rejalari bilan tanishtirdi. Taqdim qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, hozirda yoshlar terma jamoasi Qirg‘izistonda xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Shundan so‘ng jamoa bir nechta xalqaro turnirlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Kelajakda ushbu jamoa dastlab Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishi, keyinchalik Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida qatnashishi ko‘zda tutilgan.

 

Mutasaddilar bu borada Sadriddin Qobiljonov, Aleksandr Kutyanudis, Samira Abzalova kabi yosh sportchilarimizning imkoniyatlarini yuqori baholashmoqda. Shuningdek, kelajakda ushbu sport turidan Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga ham 2 ta yo‘llanma olish imkoniyati mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. O‘z navbatida, MOQ rahbari federatsiyaning rejalarini qo‘llab-quvvatladi va Qo‘mita tomonidan yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

Text to speech