26 May 2021 2374

Ular Tokioga borishadi: Olimpiadaning to‘rtinchi medali sari olg‘a, Olga!

“Ular Tokioga borishadi” loyihasining navbatdagi sonida velosport bo‘yicha terma jamoamizning eng tajribali vakili Olga Zabelinskaya haqida gaplashamiz.

Olga Sergeyevna Zabelinskaya 1980-yil 10-may kuni Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan. Trek va shosse yo‘nalishlariga ixtisoslashgan Zabelinskaya hisobida London-2012 Olimpiadasining kumush va bronza, Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining esa bronza medallari mavjud. 2018 yildan terma jamoamiz sharafini himoya qilib kelmoqda. Bir qator Yevropa tillarida erkin muloqot qila oladi.

2019-yil sportchimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Dastlab aprel oyida poytaxtimizda o‘tgan litsenzion Osiyo chempionatida guruh va yakkalik poygasi yo‘nalishlarida zafar quchdi.

2019-yilning o‘zida Jakartada o‘tgan trekdagi Osiyo chempionati ham vakilimiz uchun omadli kechdi. Unda Zabelinskaya turli yo‘nalishlarda 1 tadan oltin va kumush, 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz trek bo‘yicha jahon chempionatida ham qatnashib, to‘rtinchi natijani qayd etdi.

Osiyo chempionatida guruh poygasi yo‘nalishida qo‘lga kiritilgan g‘alaba orqali hamyurtimiz ushbu yo‘nalishda Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Hozirda 4 yillikning eng yirik musobaqasiga hozirlik ko‘rmoqda.

Text to speech