21 May 2021 2123

Bugun uch nafar sportchimiz Tokio-2020 litsenziyasi uchun kurashadi

Bugun kanoeda eshkak eshish va taekvondo bo‘yicha terma jamoalarimizning 3 nafar vakili Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun bahs olib borishadi.

Maʼlum qilganimizdek, kecha Rossiya Federatsiyasining Barnaul shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon miqyosida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanma beruvchi litsenzion turnir start oldi. Saralash bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tgan kanoechimiz Gulbahor Fayziyeva 200 metr masofaga kechadigan bahsda Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. Reglamentga ko‘ra, bu yo‘nalishda faqat birinchi o‘rinni egallagan sportchi Tokio-2020 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, bugun Iordaniya poytaxtida taekvondo bo‘yicha Osiyo qitʼasi uchun litsenzion turnir start oladi. Bugungi bellashuvlarda 2 nafar hamyurtimiz Nigora Tursunqulova (-67 kg) va Ulug‘bek Rashitov (-68 kg) bahs olib borishadi.

Ishtirokchi mamlakatlardan kelib tushgan talabnoma yakuni bo‘yicha -67 kg vazn toifasida faqat 3 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan. Qurʼa natijasiga ko‘ra Tursunqulova qatarlik Maram Fatnassini mag‘lub eta olsa, Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqadi. Boisi reglamentda finalchilar Olimpiada yo‘llanmalariga ega chiqishi belgilangan. Bu borada Ulug‘bek Rashitov litsenziya uchun 3 ta jang o‘tkazishi kerak. Uning birinchi raqibi mo‘g‘ilistonlik Natsagdorj Achitxu bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi uchala sportchimizga bo‘lajak bellashuvlarda faqat va faqat omad tilab qoladi. Yangi O‘zbekistonga yangi g‘alabalar!

Text to speech