23 Sentyabr 2023 1415

OOK vitse-prezidenti O'zbekiston delegatsiyasining shtab-kvartirasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi

Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlarining Atletlar shaharchasiga tashrif buyurib, O'zbekiston delegatsiyasining shtab-kvartirasini ko'zdan kechirdi. Otabek Muhammadaliyevichga Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov hamda Oybek Kasimov boshchiligidagi O'zbekiston MOQ rahbariyati hamrohlik qilishdi.

Tashrif davomida shaharchada delegatsiyamiz uchun yaratilgan sharoitlar o'rganildi. Atletlarimiz yashaydigan xonalar, tibbiyot bo'limi, mashg'ulot va musobaqa zallariga qatnashlari uchun yo'lga qo'yilgan transport-logistika tizimi, sport turlari bo'yicha musobaqalar taqvimi haqida atroflicha ma'lumot berildi. Shuningdek, atletlar shug'ullanadigan sport zallari, oshxonalar ham ko'zdan kechirildi.

OOK vitse-prezidenti ayni paytda shaharchada yashayotgan sportchi va murabbiylarimiz bilan yaqindan suhbatlashdi. Samimiy muloqot davomida ularning tayyorgarligi, kayfiyati haqida gaplashib, bo'lajak bahslarda ularga omad tiladi.

Otabek Umarov bugun Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o'yinlarining tantanali ochilish marosimida Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati tarkibida ishtirok etishi ko'zda tutilgan.

Text to speech