Ular Tokioga borishadi: Farg‘onalik Xalqaro toifadagi sport ustasi Rasuljon Abdurahimov
“Ular Tokioga borishadi” rukni ostida bo‘lajak Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan atletlarimiz bilan tanishtirishda davom etamiz. Bugun sport gimnastikasi bo‘yicha Tokio-2020 litsenziati Rasuljon Abdurahimov haqida gaplashamiz.
Rasuljon Shuhrat o‘g‘li Abdurahimov 1996-yil 3-oktyabr kuni Farg‘onada tug‘ilgan. 7 yoshidan sport gimnastikasi bilan shug‘ullanadi. Birinchi murabbiyi Odiljon Sulaymonov. Xalqaro toifadagi sport ustasi.
Sportchimiz 2006-yil Respublika Olimpiya zaxiralari kollejiga qabul qilindi va 3 yil ichida terma jamoaga jalb etildi. 2015-yildan to hozirgacha terma jamoa katta murabbiyi Ruslan Irgashev qo‘l ostida shug‘ullanmoqda.
2012-yildan xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, o‘z mahoratini oshirib bormoqda. Mamlakat chempionati va bir nechta xalqaro musobaqalarda ko‘p karra g‘olib va sovrindor bo‘lgan.
2014-yil Janubiy Koreya, 2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida terma jamoamiz sharafini himoya qilgan. 2019-yil Mo‘g‘uliston poytaxtida o‘tgan Osiyo chempionatining ko‘pkurash yo‘nalishida 81.733 ball jamg‘arib, Xalqaro toifadagi sport ustasi talabini bajardi.
2019-yil Germaniyada o‘tgan litsenzion jahon chempionatidagi ishtiroki orqali Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan va hozirda unga qizg‘in tayyorgarlik olib bormoqda.