8 Sentyabr 2023 1278

Koreya Respublikasi elchisi kubogi yosh iqtidorlarni kashf qilmoqda

Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida taekvondoning WT yoʻnalishi boʻyicha Koreya Respublikasi elchisi kubogi boʻlib oʻtmoqda. Yigirmanchi bor tashkil etilayotgan bu yilgi bellashuvlarda yurtimizning barcha viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan jami 500 nafar yosh sportchi ishtirok etmoqda. Bugun musobaqaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Xi Sang Kim, Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov va boshqa mehmonlar ishtirok etishdi. Unda soʻz olgan rasmiylar soʻnggi yillar Prezidentimizning jismoniy tarbiya va sport, xususan, taekvondoni rivojlantirishga qaratayotgan ulkan eʼtibori sabab Ulugʻbek Rashitov kabi Olimpiada va Svetlana Osipova singari jahon chempionati gʻoliblari yetishib chiqayotganini alohida taʼkidlashdi.

Musobaqa anʼanaviy ravishda 15-17 yoshli sportchilar oʻrtasida boʻlib oʻtmoqda. Yana bir ahamiyatli tomoni, shu paytgacha bellashuvlar kyorogi yoʻnalishida oʻtkazilgan boʻlsa, bu yildan pumse boʻyicha ham medallar jamlanmasi oʻynalmoqda.

Text to speech