7 Sentyabr 2023 1195

MOQ rahbariyati yengil atletika bo‘yicha xalqaro turnirni kuzatdi

Ayni kunlarda poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha xalqaro xotira turniri bo‘lib o‘tmoqda. Bugun MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining musobaqadagi chiqishini kuzatish barobarida Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik rejasining yakuniy bosqichi bilan tanishdi.

Beshinchi bor o‘tkazilayotgan G.Arzumanov xotira turnirining bu yilgi bahslarda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Bahrayn kabi mamlakatlardan 300 nafarga yaqin sportchi qatnashmoqda.

Musobaqada Svetlana Radzivil, Safina Sadullayeva, Sharifa Davronova, Yekaterina Voronina, Anvar Anvarov, Suhrob Xodjayev kabi terma jamoa yetakchilari ishtirok etishyapti. Sh.Tashmatov stadionda murabbiylar shtabi va atletlar bilan alohida gaplashib, terma jamoaning Osiyo o‘yinlariga olib borayotgan tayyorgarligi, ularning holati haqida batafsil suhbatlashdi.

O‘z navbatida, mamlakat yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev sportchilarning qay tartibda Xitoyga yo‘l olishi, qachon Atletlar shaharchasiga kirib joylashishi va tayyorgarlik bilan bog‘lik boshqa rejalar xususida ma’lumot berdi. Mutasaddilar musobaqaning bir qator dasturida taqdirlash marosimida ham ishtirok etishdi.

Ma’lumot uchun, Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida yengil atletika bahslari 29-sentyabr – 5-oktyabr kunlari o‘tkaziladi. Rejaga ko‘ra, unda terma jamoamizning 29 nafar vakili medallar uchun kurash olib boradi.

Text to speech