6 Sentyabr 2023 1314

Jahonga mashhur “Mondo” va “TaiShan” brendlari “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlarining asosiy hamkorlariga aylanishi mumkin

Ayni kunlarda “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun qurilayotgan Olimpiya shaharchasida ish qizgʻin ketmoqda. Obyektlar barpo etilgach, uni eng zamonaviy sport inventarlari bilan jihozlash kun tartibidagi asosiy masalaga aylanadi. MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov bu borada Italiyaning “Mondo” va Xitoyning “TaiShan” kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashishdi.

“Mondo” tomonidan shirkatning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy menejeri Andrea De Karo tashrif buyurdi. Qayd etish joiz, ushbu brend yengil atletika, shuningdek, voleybol, basketbol, futzal kabi sport turlari uchun qoplamalar tayyorlaydi. Kompaniya 1976-yildan beri bir necha Olimpiadalarda stadionlarni yengil atletika bahslari uchun qoplamalar bilan taʼminlab keladi. Bu esa uning xalqaro maydondagi tajribasidan dalolat beradi. Jamoaviy sport turlarida ham bir necha Olimpiadalarda aynan ushbu brend tomonidan tayyorlangan qoplamalarda eng kuchlilar aniqlangan.

“TaiShan” kompaniyasi bilan uchrashuv MOQ rahbariyatining oʻtgan hafta Xitoyga amalga oshirgan xizmat safari va unda Chin oʻlkasidagi sport infratuzilmasini mamlakatimizga tatbiq etish boʻyicha kelishuvlarning mantiqiy davomi boʻldi, deyish mumkin. Kompaniyaning tashqi savdo boʻyicha bosh menejeri Chjan Vei bilan uchrashuvda bu borada batafsil toʻxtalib oʻtildi.

“TaiShan” yakkakurash turlari boʻyicha sport inventarlarini ishlab chiqarish borasida dunyoning yetakchi kompaniyalaridan sanaladi. Ushbu brend 2018-yil Indoneziyada oʻtgan, joriy yil Xitoy mezbonlik qiladigan Osiyo oʻyinlari, Buenos-Ayres-2018 oʻsmirlar Olimpiadasi, 2019-yil Tokio shahrida oʻtgan dzyudo boʻyicha jahon chempionatida tashkiliy qoʻmitaning asosiy hamkori boʻlgan.

Mutasaddilar Olimpiya shaharchasining barcha hududini koʻzdan kechirishdi. Oybek Kasimov ekskursiya davomida mehmonlarga ulkan loyiha haqida batafsil maʼlumot berib oʻtdi. Shundan soʻng tomonlar kun tartibidagi mavzular boʻyicha fikr almashib, hamkorlikning keyingi qadamini belgilab olishdi.

Text to speech