18 May 2021 2679

MOQ rahbari Osiyo chempionatiga jo‘nab ketayotgan bokschilarimizga omad tiladi

Ertaga boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun BAAga jo‘nab ketadi. Bugun MOQ rahbariyati bokschilarimizga omad tilash uchun O‘zbekiston boks federatsiyasida jam bo‘lishdi.

Kuzatish tadbirida MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov, federatsiya mutasaddilari, terma jamoamiz murabbiylari va sportchilar ishtirok etishdi. MOQ rahbari bokschilarimiz bilan suhbatlashar ekan, ularga o‘zining iliq tilaklarini yo‘llab qoldi.

“Muxlislarimiz qatori butun dunyo Sizlarning ishtirokingizdagi janglarni tomosha qilish niyatida turibdi. Bo‘lajak musobaqada yana bir bor o‘zbek boksining qitʼamizda qanchalik kuchli ekanini ko‘rsatib kelishingizga ishonamiz. Bu Tokio-2020 Olimpiadasi oldidan xalqimiz uchun quvonchli damlarning bir qismi bo‘lsin. O‘z g‘alabalaringiz bilan Prezidentimiz va muxlislarimizni xursand qiling”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionati 21-31 may kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bo‘lajak musobaqada hamyurtlarimizga omad tilaydi.

Text to speech