3 Sentyabr 2023 971

“Yangi nafas” sportsevar yoshlarni birlashtirdi

Bugun yurtimizdagi sportsevar yoshlar mamlakatimizning 16 shahrida “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostidagi Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Yangi nafas” ommaviy yugurish marafonida jam boʻlishdi. Mazkur sport bayramida har bir hudud va Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan hisoblaganda 100 000 nafarga sport ixlosmandlari toʻplandi. Birgina Toshkent shahrida “Humo arena” majmuasi oldida oʻtgan tadbirda 50 ta oliy oʻquv yurtidan 3000 nafarga yaqin talaba yoshlar, umumiy hisobda esa 7 000 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Zulayho Mahkamova, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati, mamlakat yengil atletika federatsiyasi va bir qator mutasaddi tashkilotlar rahbariyati ishtirok etdi. Rasmiylar oʻz nutqlarida bu kabi ommaviy sport bayramlari Prezidentimiz ilgari surayotgan yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishda alohida oʻrin tutishini taʼkidlashdi.

Musobaqa dasturiga muvofiq, Toshkentdagi bahslar 3 va 10 km masofada oʻtkazildi. Qolgan shaharlarda esa “Yangi nafas” harakatining ramziy masofasi – 3 km masofada poygalar tashkil qilindi. 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan ishtirokchilarni oʻzida jamlagan bahslarda mamlakatimizdagi 30 ta chet el davlatlarining vakillari, qolaversa, qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmanistondan tashrif buyurgan 400 nafar sportchilar ham oʻz omadini sinab koʻrdi.

Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlarga tashkiliy qoʻmitaning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Text to speech