18 May 2021 2551

“Ular Tokioga borishadi”: Zulfiyaxonim izdoshi Dilnoza Rahmatova

Milliy Olimpiya qo‘mitasi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan atletlarimiz bilan yaqindan tanishtirishda davom etadi. Bugun kanoeda eshkak eshish bo‘yicha terma jamoamiz vakili Dilnoza Rahmatovaning faoliyati bilan yaqindan tanishamiz.

Dilnoza Bakir qizi Rahmatova 1997-yil 7-fevral kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Xalqaro toifadagi sport ustasi. Murabbiyi Rustam Mirzadiyarov.

Sportchimiz kanoeda eshkak eshish bo‘yicha yakkalik va juftlik bahslarida (Nilufar Zokirova bilan) yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Rahmatova ushbu yo‘nalishlarida o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida muntazam ravishda shohsupadan o‘rin olib kelgan.

2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida juftlik bahslarida kumush (500 metr), yakkalik poygasida esa (200 metr) bronza medali sohibi bo‘ldi.

2019-yil avgustda Vengriyaning Seged shahrida o‘tgan jahon chempionatida 200 metr masofaga kechgan juftlik bahslarida bronza medaliga ega chiqdi. Ayni shu jahon chempionatida 500 metr masofaga o‘tgan juftlik bahsida esa marraga beshinchi bo‘lib yetib keldi va Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma oldi. “Milliy sport mukofoti-2019” tanlovida “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” nomiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, sportchimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureati hisoblanadi.

Text to speech