Samarqandda Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasiga tayyorgarlik ishlariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi
“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” — 3-sentyabr kuni mamlakatimizning 16 ta shahrida bir vaqtda yugurish havaskorlari ushbu shior ostida Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 32-yilligiga bagʻishlangan Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etishadi.
Shu kunlarda Toshkentda, Nukusda, Nurafshonda, Gulistonda, Andijonda, Namanganda, Fargʻonada, Jizzaxda, Samarqandda, Navoiyda, Buxoroda, Qorovulbozorda, Termizda, Qarshida, Gʻuzorda va Xivada eng kutilgan sport tadbirlarining biriga katta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Har bitta hududda va Qoraqalpogʻiston Respublikasida, ommaviy yugurish musobaqasini oʻtkazishning barcha bosqichlarini tegishli darajada nazorat qilish maqsadida, masʼuliyatli vazirliklar, idoralar va viloyat hokimliklari ishtirokida operativ shtablar tashkil etilgan.
Tadbirning tashkilotchilari boʻlib Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati hamda Toshkent shahri hokimiyati koʻmagida Yengil atletika federatsiyasi ishtirok etmoqda.
28-avgust kuni Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida boʻlajak Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasiga tayyorgarlik ishlariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov raisligida boʻlib oʻtayotgan tadbirda Samarqand, Guliston, Jizzax, Navoiy, Buxoro, Qarshi, Gʻuzor, Termiz, Xiva va Nukus shaharlari hokimlari oʻrinbosarlari, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Yengil atletika federatsiyasi, shuningdek, masʼul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.
Har bir hududda va Qoraqalpogʻiston Respublikasida ommaviy yugursih musobaqalari ertalabki soat 06:30 da shaharlarning markaziy koʻchalarida 3 km masofaga, Toshkentda – 3 va 10 km masofaga boshlanadi.
Samarqand shahrida Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasi zamonaviy Samarqandning yangi madaniy muhitiga aylangan “Buyuk ipak yoʻli” turistik majmuasining hududida boʻlib oʻtadi. Koʻp tarmoqli markaz uygʻun tarzda oʻzida ish, madaniy va sport qismlarini mujassamlashtirib, muntazam asosda triatlon boʻyicha musobaqalarni, 2022-yildan boshlab esa Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqalarini oʻtkazish joyi boʻlib hisoblanadi.