31 Avgust 2023 920

Ishchi guruh Chendu shahridagi sport infratuzilmasini oʻrgandi

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov, shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi vakillaridan iborat ishchi guruh ayni paytda Xitoy davlatida xizmat safarida boʻlib turgani haqida maʼlum qilgan edik. Mutasaddilar bugun Chendu shahriga tashrif buyurib, hududda yaratilgan sport infratuzilmasini yaqindan oʻrganishdi.

Xabaringiz bor, Chendu shahri joriy yilning 28-iyul – 8-avgust kunlari navbatdagi Butunjahon yozgi Universiada oʻyinlariga mezbonlik qildi. Shahar va obyektlardagi sport havosi hali ham saqlanib turibdi.

Ishchi guruh dastavval musobaqa uchun barpo etilgan muzeyda boʻlib, unda nafaqat Universiada oʻyinlari, balki Chendu shahrining sport tarixi bilan yaqindan tanishdi. Shaharning asosiy sport obyektlari joylashgan Lunsyuani mavzesi keyingi manzil boʻldi. Ushbu hududda Universiada oʻyinlarining ochilish va yopilish marosimlari oʻtkazilgan “Dongʻan Lake” stadioni, shuningdek, “Dongʻan Lake Arena” koʻp tarmoqli majmuasi va suv sporti saroyiga ham tashrif buyurishdi.

Bosh stadion futbol, yengil atletika kabi turlarga moslashgan. “Dongʻan Lake Arena” nisbatan universal boʻlib, qoplamalar toʻshalishiga qarab gimnastika, basketbol, voleybol, gandbol, futzal va boshqa koʻplab turlarda musobaqalarni qabul qilishi mumkin. Oʻz navbatida, “Dongʻan Lake Sports Park Aquatics Centre”da suv sporti turlari bilan bogʻliq barcha musobaqalarni tashkil etish imkoniyati mavjud.

Oʻrganish ishlari davomida mahalliy menejerlar koʻp tarmoqli inshootlardan foydalanish boʻyicha oʻz tajribalari bilan baham koʻrishdi. Hamyurtlarimiz “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlari va boshqa musobaqalarni tashkil etishda bunday tajribadan foydalanish boʻyicha oʻzlari uchun kerakli yoʻnalishlarni belgilab olishdi.

Text to speech