Xitoy sportining yutuqlari Oʻzbekiston delegatsiyasi nigohida
Xitoy yirik kompleks musobaqalarni oʻtkazish borasida jahonning eng tajribali mamlakatlaridan biriga aylanib ulgurdi. Xususan, Pekin shahrining ham yozgi, ham qishki Olimpiya oʻyinlarini qabul qilgan dunyodagi yagona shahar maqomiga ega ekanligi, mamlakatning bir necha bor Osiyo oʻyinlari va Universiada kabi kompleks musobaqalarga mezbonlik qilgani ushbu fikrga yaqqol dalil boʻladi. Soʻnggi yillarda Chin oʻlkasining boshqa shaharlarida ham yirik kompleks musobaqalar, jahon chempionatlari oʻtkazilmoqda. Bu esa butun mamlakat boʻylab sport infratuzilmasi birdek rivojlanganini anglatadi. Shu bois koʻplab davlatlar bunday tajribadan andoza olib, undan foydalanmoqda.
Ayni kunlarda “Toshkent-2025» yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun Olimpiya shaharchasini barpo etish loyihasi doirasida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov, shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi mutasaddilaridan iborat delegatsiya Xitoy safarida boʻlib turibdi. Undan koʻzlangan maqsad mamlakatdagi sport infratuzilmasi, xususan, universal sport obyektlarini qurish va undan maqsadli foydalanish kabi ustuvor rejalarni oʻrganishdir.
Ishchi guruhning dastlabki manzili Pekinda qad rostlagan dunyo sporti olamidagi yirik loyihalardan biri “Pekin Milliy konkida yugurish markazi” boʻldi. 2022-yilgi qishki Olimpiada uchun barpo etilgan ushbu inshootni nafaqat Xitoy, balki jahon sportining durdona obyektlaridan biri deyish mumkin. Oʻrganish davomida mahalliy mutaxassislar mamlakatda sport obyektlarini qurish boʻyicha soʻnggi yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berishdi.
Mutasaddilar “Toshkent-2025» yoshlar Osiyo oʻyinlarining qurilishi uchun masʼul boʻlgan “China CAMC Engineering” kompaniyasi ofisida mehmon boʻlishdi. Tashkilot bosh direktori Li Xaysin bilan oʻtgan suhbatda Toshkentda qurilayotgan Olimpiya shaharchasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, kelgusida ham hamkorlikni yanada izchil davom ettirish kabi mavzular koʻrib chiqildi.
Pekinga tashrifi doirasida ishchi guruh CNSG (China National Sports Group) kompaniyalari ofisiga ham tashrif buyurib, tashkilot rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Ushbu kompaniya kompleks Oʻyinlar oʻtkazishda adminstrativ va tashkiliy yoʻnalish boʻyicha oʻz xizmatlarini taklif qildi. Har ikki uchrashuvda oʻzaro hamkorlikning yangi qirralari koʻrib chiqilib, kelgusi rejalar haqida fikr almashildi.
Qayd etish joiz, ushbu ikki kompaniya Xitoy sportidagi yetakchi lokomotiv boʻlib, soʻnggi 15 yil mamlakatda oʻtgan yozgi va qishki Olimpiya oʻyinlari, Osiyo oʻyinlari, oʻsmirlar Olimpiadasi, Universiada oʻyinlari va boshqa koʻplab musobaqalar uchun obyektlar qurilishi, logistika va kommunikatsiya yoʻnalishidagi ishlarni amalga oshirgan. Shundan soʻng ishchi guruh Pekindagi “Yangi Milliy stadion”ga ham tashrif buyurib, zamonaviy bunyodkorlikdagi soʻnggi yutuqlar bilan tanishdi.
Ishchi guruhning Xitoyga safari davom etadi. Mutasaddilar endilikda yaqinda Butunjahon yozgi Universiada oʻyinlarini qabul qilgan Chendu shahriga yoʻl olib, u yerdagi infratuzilmani oʻrganishadi.