Xanchjou-2022: O‘zbekiston delegatsiyasining tarkibini optimallashtirish masalasi ko‘rib chiqildi
Xitoy mezbonlik qiladigan Osiyo o‘yinlari startiga 1 oydan kam vaqt qoldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida delegatsiyaning tayyorgarligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, federatsiya va assotsiatsiyalar mas’ullari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olgan rasmiylar musobaqaning muhimlik jihati haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi. Xususan, davlatimiz tomonidan tayyorgarlikning barcha jabhalari to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlanayotgani, bunga javoban delegatsiyamiz yuqori natijalarni qo‘lga kiritishi lozimligi ta’kidlandi. Yig‘ilish davomida asosiy e’tibor har bir terma jamoa tarkibidagi sportchi va murabbiylar, shifokorlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqishga qaratildi va bu borada mas’ullar bilan alohida gaplashib chiqildi.
Shuningdek, terma jamoalarning tayyorgarlik rejalari, Xitoy tomonidan ishtirokchi jamoalarga qo‘yilayotgan talablar ham muhokama qilindi. Tashkiliy qo‘mita tomonidan sport turlariga qo‘yilgan shartlar inobatga olingan holda reja tuzish muhimligi ta’kidlanib, bunday talablarga javob bermaydigan jamoalar O‘yinlardan chetlatilishi mumkinligi ogohlantirildi. Shundan kelib chiqqan holda har bir mas’ulga tayyorgarlik jarayoniga yanada katta ahamiyat qaratilishi lozimligi ta’kidlandi.
Osiyo o‘yinlari oldidan ko‘plab sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlari bo‘lib o‘tadi. Bunda har bir terma jamoaning Xanchjou shahridagi Atletlar shaharchasiga kirib borish muddati, logistika masalalari atroflicha o‘rganib chiqildi. Suhbat davomida rasmiylar tomonidan bu yo‘nalishga katta ahamiyat qaratish lozimligi, aviachiptalar va boshqa to‘lovlarni amalga oshirib ulgurmagan federatsiyalarga masalani hal qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.