18 May 2021 2095

Yengil atletika federatsiyasining oshxonasida ayanchli holat

MOQ rahbariyatining Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan federatsiya va assotsiatsiyalar bazalariga uyushtirayotgan tashrifi davom etadi. Shu kunlarda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida bo‘ldi.

MOQ rahbari kutilmaganda o‘z yo‘nalishini stadion tomon emas, bazadagi oshxona tarafga o‘zgartirib yubordi. Taassufki, u yerdagi muhit har qanday insonning meʼdasiga tegar edi. Tartibsizlik oshxonadagi eng arzimas detal bo‘lib, ichkarida bir-biridan xunuk holatlarni uchratish mumkin. Gaz plitasining ustidagi havo haydash tizimiga yopishib ketgan yog‘ dog‘laridan oshxonaning necha yillik “tarix”ga ega ekaniga guvoh bo‘lasiz. Muzlatgichda saqlanayotgan go‘sht va isteʼmolga yaroqsiz pomidorlarning turishi boshqa mahsulotlarning ham sifatiga salbiy taʼsir o‘tkazishi tabiiy. Buning natijasida Olimpiya o‘yinlaridek nufuzli musobaqaga tayyorlanayotgan atletlarimizda oshqozon-ichak kasalliklari paydo bo‘lishi hech gap emas.

 

Ushbu oshxonada yengil atletika bo‘yicha asosiy terma jamoamizdan tashqari mazkur sport turi bo‘yicha respublika Oliy sport mahorati maktabi xodimlari va murabbiylari ham tamaddi qilishadi. Ayanchli holatdan keyin MOQ raisi zudlik bilan federatsiya mutasaddilariga vaziyatni qisqa fursat ichida yaxshilash, bazaga Sanitar-epidemiologik markazdan maxsus guruhni chaqirib, holat yuzasidan chuqur tahliliy o‘rganishlarni tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shundan so‘ng vaziyat yuzasidan MOQ anjumanlar zalida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Abdushukur Sadikov boshchiligida RSTIAM mutasaddilari ishtirok etishdi. MOQ rahbariyati federatsiyalardagi bunday holatdan uzil-kesil qoniqmasligi aytib, vaziyatga keskin tanqidiy munosabat bildirdi. Bazalardagi sanitar-epidemiologik holatni nazoratga olish, qisqa fursat ichida barcha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Text to speech