17 May 2021 2375

MOQ rahbariyati baydarka va kanoechilarimizga omad tiladi

Bugun baydarka va kanoe bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi litsenzion turnirda ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasining Barnaul shahriga jo‘nab ketdi. Jahon kubogi bosqichi bilan bir vaqtda o‘tadigan ushbu turnirda mazkur sport turi bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiadasi uchun so‘nggi yo‘llanmalar o‘z egasini topadi. Safar oldidan MOQ rahbariyati terma jamoamiz murabbiylari bilan onlayn suhbatlashdi.

ZOOM platformasida o‘tgan uchrashuvda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, terma jamoa murabbiylari Rustam Mirzadiyorov va Akbar Samedjanov ishtirok etishdi. MOQ raisi murabbiylardan ushbu masʼuliyatli musobaqa oldidan terma jamoamiz vakillarining tayyorgarligi, sportchilarimizning kayfiyati haqida so‘rar ekan, ularga faqat va faqat omad tilab qoldi.

 

Litsenzion turnir 20-21 may, Jahon kubogi esa 21-23 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Reglamentga ko‘ra, litsenzion turnirda faqat birinchi o‘rinni egallagan sportchilargina Tokio-2020 litsenziyalariga ega bo‘lishadi. Jamoamiz ushbu musobaqalarga quyidagi tarkibda yo‘l oldi:

K1 200: Yekaterina Shubina
K1 200: Denis Onufriyev
K1 500: Arina Tanatmisheva
K1 1000: Shaxriyor Maxkamov
С1 200: Gulbahor Fayziyeva
С1 1000: Suxnatillo Inogamov
С2 500: Dilnoza Raxmatova va Nilufar Zokirova

Taʼkidlash joiz, Jahon kubogi allaqachon Tokio-2020 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova uchun Olimpiadadan avvalgi tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.

Text to speech