17 May 2021 2554

MOQ Miralisher Islamovni tabriklaydi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktorining maslahatchisi, tibbiyot fanlari doktori Miralisher Sadriddinovich Islamov O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi.

Miralisher Islamov faoliyati davomida Toshkent tibbiyot instituti 1-klinikasi bo‘lim boshlig‘i, ushbu klinikaning Xirurgiya bo‘limi bosh mutaxassisi, davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari, bosh shifokori, shuningdek, “AKFA MEDLINE” MCHJda tibbiyot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlarida ishlagan. Bundan tashqari, u Toshkent shahar sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ham faoliyat yuritgan.

Tibbiyot fanlari doktori Miralisher Islamov tayinlovdan avval Qurilish vazirligi bosh ekspertizasi, tibbiyot texnologiyasi bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida ishlab kelgan.

Qayd etish joiz, Miralisher Sadriddinovich MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori maslahatchisi sifatida o‘zbek atletlarini yirik musobaqalarga tayyorlashda, ularni koronavirusdan himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan bir qator tadbirlar jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Miralisher Islamovni yangi lavozimga tayinlangani bilan samimiy muborakbod etib, u kishiga salomatlik va kelgusi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Text to speech