17 May 2021 2211

“Ular Tokioga borishadi”: Litsenzion jahon chempionatlarining omadlisi Rustam Assakalov

“Ular Tokioga borishadi” loyihamiz davom etadi. Bugun sizlar bilan yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz vakili, 2 karra jahon chempionati sovrindori Rustam Assakalov haqida gaplashamiz.

Rustam Sxatbayevich Assakalov 1984-yil 13-iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasida tug‘ilgan. 2012-yildan O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi. Assakalovning terma jamoamiz tarkibidagi ilk yirik musobaqasi 2013-yilgi Osiyo chempionati bo‘ldi. Polvonimiz ushbu musobaqada zafar quchib, sportimiz muxlislari eʼtiborini qozondi. Murabbiylari – Vladimir Xolodayev, Kamil Fatkullin, Ravshan Ro‘ziqulov.

2014-yil qitʼa birinchiligida kumush medalni, o‘sha yili Janubiy Koreyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida esa chempionlikni qo‘lga kiritdi.

2015-yil Osiyo chempionati yana oltin, jahon chempionati esa kumush medal bilan yakunlandi. Dunyo birinchiligidagi ushbu natija unga Rio-2016 yo‘llanmasini taqdim qildi. Olimpiadada esa hamyurtimiz kuchli sakkizlikdan joy olgan.

2017-yil Nyu-Dehlidagi Osiyo chempionatida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 2018-yil hamyurtimiz uchun ancha omadli keldi. Bu yil Assakalov Bishkekda o‘tgan qitʼa birinchiligida oltin, Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida esa kumush medal sohibi bo‘ldi.

2019-yil ham qitʼa chempionati bilan boshlandi. Sianda o‘tgan musobaqada Rustam navbatdagi bronza medalini o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ydi.

Shu yil Nur-Sultanda o‘tgan JCH esa alohida mavzu. 35 yoshida -87 kg vazn toifasida ishtirok etib, 2 karra jahon chempioni Metexan Bashar (Turkiya), Aleksandr Komarov (Rossiya) kabi kabi nomdor raqiblarni “tushe” holatida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Yarim finalda Viktor Lorins (Vengriya) bilan 1:1 hisobi qayd etildi. So‘nggi ballni Lorins qo‘lga kiritgani uchun Assakalov bronza medali uchun uchun kurashadigan bo‘ldi. Biroq asosiysi uning yarim finalga chiqqani edi. Boisi chorak finaldagi g‘alaba unga bir vaqtning o‘zida Tokio-2020 eshiklarini ham ochgan. Yakunda ushbu musobaqada kurashchimiz bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Text to speech