10 Avgust 2023 1272

Ommaviy sport ixlosmandlari uchun yana bir bayram yaqin

3-sentyabr kuni mamlakatimizning 16 ta shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligiga bagʻishlangan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi. Bugun Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida mazkur tadbirga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda federatsiya mutasaddilari va tashkiliy qoʻmita aʼzolari OAV xodimlariga boʻlajak musobaqa haqida atroflicha maʼlumot berishdi.

Mazkur ommaviy yugurish musobaqasi Toshkent, Nurafshon, Guliston, Andijon, Namangan, Fargʻona, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Termiz, Qarshi, Gʻuzor, Xiva va Nukus shaharlarida boʻlib oʻtadi. Poytaxtimizda ishtirokchilar 3 va 10 km masofalarga yugurishsa, qolgan hududlarda faqat 3 km masofadagi bahslar tashkil qilinadi. Anʼanaga muvofiq, bu galgi tadbir ham “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida oʻtkaziladi.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, bu yilgi bahslarga Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi qoʻshni mamlakatlardan ham sportchilar taklif etilgan. Hisob-kitoblarga koʻra, poytaxtimizda 5500, qolgan har bir shaharda kamida 2000 nafar ishtirokchi boʻlajak poygada qatnashishi kutilmoqda. Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ hamkorligida oʻtkazilayotgan mazkur loyiha aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga hissa qoʻshadi.

Toshkent shahrida oʻtkaziladigan poygalarda ishtirok etishni istagan koʻngillilar “Iticket.uz” platformasi orqali roʻyxatdan oʻtishlari mumkin. 3 km masofadagi poygada 9, 10 kmga kechadigan bellashuvlarda esa 14 yoshdan katta boʻlgan barcha qatnasha oladi. Poygalar 3-sentyabr kuni soat 06:30 da 16 shaharda start oladi.

Anjuman davomida yaqinlashib kelayotgan jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasining tayyorgarligi haqida ham toʻxtalib oʻtildi. Federatsiya Bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedovga koʻra, barcha atletlarimiz boʻlajak dunyo birinchiligiga qizgʻin hozirlik koʻrishmoqda. Jumladan, Safina Sadullayevaga ukrainalik yangi murabbiy biriktirilgan boʻlib, Budapesht turniri hamyurtimizning xorijlik trener qoʻl ostidagi ilk startiga aylanadi.

Text to speech