10 Avgust 2023 1451

Velosportchilarimizning jahon chempionatidagi ishtirokiga nazar tashlaymiz

Maʼlum qilganimizdek, ayni kunlarda Shotlandiyaning Glazgo shahrida velosportning shosse va trek yoʻnalishlari boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtmoqda. 9-avgust kuni trek ustalari oʻz chiqishlarini yakunlashdi.

Mazkur yoʻnalishda Margarita Misyurina hamda Nafosat Koziyeva yurtimiz sharafini himoya qilishdi. Koziyeva ochkolar poygasida 14, “elimination” dasturida esa 18-natijani qayd etdi. Har ikki sportchimiz juftlikda medison dasturida medallar uchun kurash olib borishdi. Biroq bellashuv davomida omadsizlik sabab finishga yetib kela olishmadi.

Shotlandiya trassalari boʻylab ketayotgan shossedagi poygalar ham qizgʻin tus olmoqda. Dmitriy Bocharov, Aleksey Fomovskiy, Murodjon Xolmurodov, Sofiya Karimova, Yanina Kuskova hamda Olga Zabelinskaya aralash jamoaviy dasturda qatnashdilar. Mazkur yoʻnalishda sportchilarimiz 13-natijani qayd etishdi.

Erkaklar oʻrtasida 271.1 km masofaga kechgan guruh poygasi bahsi sportchilarning irodasini yana bir bor sinab berdi. Unda 195 nafar atlet startga chiqdi. 6 soatdan oshiq davom etgan poygada 51 nafar ishtirokchigina finishga yetib kela oldi. Afsuski, Murodjon Xolmurodov poyga davomida kurashdan chiqdi.

13-avgust kuni kechadigan ayollar oʻrtasidagi guruh poygasida Olga Zabelinskaya va boshqa vakillarimiz ham ishtirok etishi kutilmoqda. Hamyurtlarimiz 154.1 km masofaga moʻljallangan ushbu poygada medallar qatori Parij-2024 Olimpiadasi yoʻllanmasi uchun startga chiqishadi.

Text to speech