8 Avgust 2023 1344

60 yoshni qarshi olgan Poʻlat Usmonovga MOQning esdalik medali taqdim qilindi

Taniqli mutaxassis, Oʻzbek jang sanʼati federatsiyasi raisi Poʻlat Usmonov 60 yoshni qarshi oldi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Poʻlat Akramovichni taqdirlashga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, bir guruh sport fidoyilari, yubilyarning shogirdlari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastavval Oybek Omilovich hamda Sherzod Rixsibayevich soʻz olib, P.Usmonovning uzoq yillardan beri yurtimiz sporti rivojiga qoʻshib kelayotgan hissasi, xususan, Oʻzbekiston taekvondo ITF va Oʻzbek jang sanʼati federatsiyalaridagi koʻp yillik faoliyati haqida toʻxtalib oʻtishdi. Ayniqsa, milliy sport turlarimizni tiklash va ularni yoshlar orasida keng targʻib qilishdagi jonbozligi haqida alohida gapirishdi. Shundan soʻng anʼanaga muvofiq, Poʻlat Akramovichga MOQning esdalik medali topshirildi.

Tadbir davomida Kengash raisi Bahodir Maxsitov, Kasaba uyushmalari federatsiyasi masʼuli Bahodir Tadjiyev, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi vakillari hamda yubilyarning shogirdlari ham soʻzga chiqib, Poʻlat Usmonovga oʻzlarining samimiy dil-izhorlari yoʻllashdi. Koʻrsatilgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun boʻlgan P.Usmonov bundan keyin ham yoshlarimiz orasida milliy sport turlari va sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirish yoʻlida bor kuch-gʻayratini ishga solishga vaʼda berdi.

Text to speech