7 Avgust 2023 1201

Xalqaro yigʻin yosh xokkeychilar uchun katta maktab boʻldi

1-avgust kuni poytaxtimizda boshlangan “Osiyolik yosh xokkeychilar uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻini” loyihasi oʻz yakuniga yetdi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida qishki sport turlarida yurtimizda ilk bor oʻtkazilgan bunday yirik dastur yakuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda MOQ raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, Xalqaro muz ustida xokkey federatsiyasi (IIHF) vitse-prezidenti Ayvaz Omarkanov, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi Ijrochi direktori Elbek Mahmudov, Osiyo Olimpiya kengashi masʼul vakili Toni Tarraf, shuningdek, tadbirda qatnashgan yosh xokkeychi va murabbiylar ishtirok etishdi.

Dastavval rasmiylar yigʻinni muvaffaqiyatli yakunlab olishgani bilan yosh xokkeychilarni qutlashdi. Xususan, Ayvaz Omarkanov yigʻin yuqori saviyada tashkil etilgani, buni yosh xokkeychilarning quvonchga toʻla koʻzlaridan bilib olish mumkinligini taʼkidladi. Oʻz navbatida, Ravshan Irmatov xokkey sportida bunday katta masshtabdagi loyihani oʻtkazish uchun har tomonlama tayyorgarlik koʻrilgani, ushbu yigʻin yosh sportchilarning professional atlet boʻlib yetishishlari yoʻlida muhim maktab boʻlishini bildirdi.

Tadbir davomida yosh sportchilar ham soʻz olib, xokkeyni oʻzlari uchun yangidan kashf etishgani, mashgʻulotlar davomida ularga barcha sharoitlar yaratib berilgani xususida gapirishdi. Shuningdek, har bir ishtirokchiga yigʻinda muvaffaqiyatli qatnashishgani haqida sertifikatlar topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, 1-7-avgust kuni tashkil etilgan ushbu loyida qitʼamizning 30 dan ortiq mamlakatidan 100 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi. Ularga har bir amplua boʻyicha biriktirilgan ekspertlar saboq berishdi.

Text to speech