16 May 2021 2435

“Ular Tokioga borishadi”: “Harvard”ning sobiq murabbiyi, ikki karra JCh sovrindori Bekzod Abdurahmonov

Sizlarni Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan atletlarimiz bilan yaqindan tanishtirishda davom etamiz. Loyihamizning bugungi qahramoni erkin kurash bo‘yicha terma jamoamiz vakili Bekzod Abdurahmonov bo‘ladi.

Bekzod Abdurahmonov 1990-yil 15-mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Erkin kurashga 2 akalariga qiziqib kirib kelgan. Abdurahmonov boshqa atletlarimizdan farqli ravishda ushbu sport sirlarini asosan AQSHda o‘rgangan. Pensilvaniya shtatida joylashgan “Clarion University”da tahsil olib, shtatlararo o‘tadigan erkin kurash turnirlarida ishtirok etgan. Universitetni bitirgach jahonga mashhur “Harvard” universitetida ish boshladi. Hamyurtimiz ushbu universitetga qarashli erkin kurash to‘garagida oliygohning talaba va o‘quvchilariga maʼlum muddat murabbiylik qilgan. O‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan kurashchimiz keyinchalik terma jamoamiz sharafini himoya qilish uchun mazkur universitetdagi faoliyatini yakunladi.

Kurashchimiz MMAda maʼlum muddat ishtirok etgan. Bugungacha uning hisobida 7 jang bo‘lib, barchasida g‘alaba qozongan.

2014-yildan erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibidan joy olib, yirik musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda. Bekzod Abdurahmonov mazkur yil Toshkentda o‘tgan jahon chempionatida bronza, Incheonda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

2015-yil Qatarda o‘tgan Osiyo chempionati va Ozarbayjondagi “Golden Gran-pri” turnirlarida zafar quchdi.

2016-yil jahon miqyosida o‘tgan Rio-2016 litsenzion turnirida zafar quchib, Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Rio-de-Janeyroda o‘tgan Olimpiadada esa bronza medali uchun kurashish bosqichigacha yetib keldi.

2017-yil Hindistonda o‘tgan Osiyo chempionati hamda Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida oltin, Ozarbayjondagi Islom birdamligi musobaqasida bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Abdurahmonov 2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida yana bir bor tengsiz ekanligini isbotladi. Shuningdek, mazkur yil Vengriyada o‘tgan jahon chempionatida ikkinchi bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Joriy yil Qozog‘istonda o‘tgan litsenzion turnir orqali Tokio-2020 Olimpiadasiga yo‘llanma olgan.

Ko‘rsatgan natijalari evaziga hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Text to speech