O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusdagi MDH o‘yinlarida qatnashadi
Bugun Belarusda II MDH o‘yinlari start oladi. 14-avgustga qadar davom etadigan musobaqada Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va O‘zbekistondan tashrif buyuradigan sportchilar barcha dasturlarda medallar uchun bahs olib borishadi. Belarusning 11 ta shahri bo‘ylab tashkil etiladigan ushbu sport tadbirida Osiyo, Afrika, Amerika qitʼalarining 13 ta davlati mehmon sifatida baʼzi sport turlarida qatnashadi.
Ayni paytda O‘zbekiston delegatsiyasining asosiy qismi Minsk shahriga joylashgan. Terma jamoalarimiz reja asosida o‘z musobaqalari o‘tkaziladigan shaharlarga yetib borishmoqda. Umumiy hisobda delegatsiyamiz 22 ta sport turida 300 nafardan ziyod atlet bilan ishtirok etadi.
Dasturga ko‘ra, bugun badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi 5 avgust sanasiga belgilangan. Bo‘lajak bahslarda hamyurtlarimizga omad tilaymiz!