2 Avgust 2023 1339

Fukuoka-2023 Xitoy uchun oʻz tarixidagi eng yaxshi, AQSHga esa aksincha, eng yomon musobaqaga aylandi

14-30-iyul kunlari Yaponiyaning Fukuoka shahrida suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Musobaqa mazkur yoʻnalishda dunyoning eng kuchli jamoasi deb eʼtirof etiladigan AQSH termasi uchun tarixdagi eng yomon natija sifatida yodda qoldi. Xitoy termasi esa aksincha, medallar jamgʻarish boʻyicha katta raqamlar bilan “taxt”ga chiqdi.

Xitoy oʻz tarixida ilk bor musobaqani 20 ta oltin medal bilan tugatdi. Qitʼadoshlarimiz hisobida yana 8 ta kumush va 12 ta bronza medallari ham mavjud. Shubhasiz, bu umumjamoa hisobidagi eng yaxshi koʻrsatkich. Chin oʻlkasi vakillari shu paytgacha baʼzi dunyo birinchiligida bir necha bor umumjamoa hisobida peshqadamlik qilgan boʻlsa ham, hech qachon oltin medallar soni 20 taga yetmagan. Yana sanoqli kunlardan soʻng Xitoy oʻzida Osiyo oʻyinlarini qabul qiladi. Jahon chempionatida shunchalik shov-shuv koʻtargan jamoa oʻz uyidagi “qitʼa Olimpiadasi”da nimalar qilishi kutilayotganini tasavvur qilavering.

Umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egallagan Avstraliya ham katta oʻsishga erishdi. “Yashil qitʼa” vakillari 15 ta oltin, 9 ta kumush va 6 ta bronza bilan xitoyliklardan soʻng ikkinchi boʻlishdi. Shu paytgacha bir jahon chempionatida koʻpi bilan 6 ta oltin medal olgan jamoa keskin burilish bilan bu raqamlarni 15 taga oshirib yubordi. Qolaversa, musobaqa davomida oʻrnatilgan 10 ta jahon rekordining teng yarmi avstraliyalik suzuvchilar ulushiga toʻgʻri keladi.

Amerikalik sportchilar musobaqa davomida atigi 7 ta oltin medal qoʻlga kirita olishdi xolos. Aslida bu raqam koʻplab jamoalar uchun orzu hisoblanadi. Biroq har mundial va Olimpiya oʻyinlarida ushbu yoʻnalish evaziga salmoqli natija qayd etadigan davlat uchun bu yomon natija. AQSH tarixda faqatgina 1994-yilgi dunyo birinchiligida 7 ta oltin medal olgan. Oʻsha davrlarda medallar oʻynaladigan dasturlar ancha kam boʻlgani (45 ta), Fukuokada 75 ta medallar jamlanmasi oʻynalganini inobatga olsak, bu yilgi natijani eng yomoni deyish mumkin. Shuningdek, terma jamoa 22 ta kumush va 15 ta bronza medallarini ham qoʻlga kiritgan. Bu umumjamoa hisobida uchinchi natija.

Eslatib oʻtamiz, ushbu jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi sinxron suzish va ochiq dengizda suzish dasturlarida ishtirok etdi. Yosh yurtdoshlarimiz sovrindorlar qatoridan joy olisholmagan boʻlsalar ham, kelgusidagi faoliyatlari uchun katta tajriba toʻplashdi.

Text to speech