16 May 2021 2321

Eko-parkda “Laser Run” turniri

15 may kuni poytaxtimizda joylashgan Z.M.Bobur nomidagi eko-parkda katta ommaviy sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda 350 dan ortiq havaskor va professional sportchilar Laser Run turnirida bahs olib borishdi.
Mudofaa vazirining o‘rinbosari A.Narboyev, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi O.Kasimov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakillari musobaqada faxriy mehmon sifatida qatnashdilar.

Erta tongda start olgan musobaqa kun yarmigacha davom etdi. Ushbu vaqt mobaynida bir qator yosh toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlab olindi. Musobaqaning taqdirlash marosimida so‘z olgan rasmiylar bu kabi musobaqalarning o‘tkazilishi yurtimizda ommaviy sport targ‘iboti yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishi, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda as qotishini ta’kidlashdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi, Toshkent shahar hokimligi, MOQ, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Ushbu musobaqada ishtirokchilar yosh toifalariga qarab turli masofa va o‘q otish mashqlarida kuch sinashishdi. Ishtirokchilar orasida 5 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda 50 va undan yoqori yoshdagi havaskorlar g‘oliblik uchun kurashlarda ishtirok etdilar.

Ma’lumot uchun, Laser Run bu belgilangan masofaga yugurib kelgan holda lazerli to‘pponchadan o‘q otishdir. U zamonaviy beshkurash sportiga kirgan yo‘nalish hisoblanadi. Musobaqa O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi tomonidan tashkil etilib, yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Text to speech