1 Avgust 2023 1160

Yurtimizda xokkey boʻyicha ilk bor oʻtkazilayotgan xalqaro yigʻinga start berildi

Maʼlum qilganimizdek, bugun Toshkentda “Osiyolik yosh xokkeychilar uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻini” boshlandi. “Humo arena” muz saroyida mamlakatimizda birinchi bor tashkil etilayotgan ushbu katta dasturning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Xalqaro muz ustida xokkey federatsiyasi (IIHF) vitse-prezidenti Ayvaz Omarkanov, Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Osiyo Olimpiya kengashi masʼul vakili Toni Tarraf, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olgan rasmiylar ishtirokchi davlatlarga oʻzlarining samimiy tilaklarini yoʻllab, Toshkentda olgan bilimlari kelajakda yetuk xokkeychi boʻlib ulgʻayishlari uchun as qotishi, ular uchun tadbir davomida barcha sharoitlar yaratib berilishi haqida toʻxtalishdi. Shuningdek, Ayvaz Omarkanov Oʻzbekiston hukumati va tashkiliy qoʻmita aʼzolariga yigʻin yuqori saviyada yoʻlga qoʻyilgani uchun IIHF nomidan minnatdorchilik bildirdi.

Eslatib oʻtamiz, mazkur loyihada qitʼamizning 30 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 100 nafardan ziyod yosh xokkeychilar qatnashmoqda. 7-avgustga qadar davom etadigan mashgʻulotlarda ularga har bir amplua boʻyicha IIHF tomonidan jalb etilgan ekspertlar saboq berishadi.

Text to speech