1 Avgust 2023 1376

Xalqaro muz ustida xokkey federatsiyasi rahbariyati bilan yangi rejalar koʻrib chiqildi

Bugun poytaxtimizda Xalqaro muz ustida xokkey (IIHF) federatsiyasi, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda “Osiyolik yosh xokkeychilar uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻini” dasturiga start beriladi. Mazkur yigʻinni kuzatib borish uchun IIHF vitse-prezidenti Ayvaz Omarkanov ham Toshkentga yetib kelgan. Bugun martabali mehmon Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov bilan xokkeyning mamlakatimizdagi rivojini yangi bosqichga olib chiqish kabi istiqbolli mavzularni muhokama qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi Ijrochi direktori Elbek Mahmudov, Osiyo Olimpiya kengashi rasmiylari Toni Tarraf hamda Vissam Trkmani ham ishtirok etishdi. Vazir dastavval mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi va Olimpiya harakati, xususan, qishki sport turlarini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida batafsil gapirar ekan, soʻnggi yillarda poytaxtimizda qad rostlagan “Humo arena” va “Alpomish” muz saroylari, viloyatlarda yaratilayotgan infratuzilma haqida toʻxtalib oʻtdi. Oʻz navbatida, Oybek Kasimov xokkey boʻyicha Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasining Osiyo chempionatidagi gʻalabasi, “Humo” xokkey klubining xalqaro maydondagi ishtiroki haqida maʼlumot berdi.

Ayvaz Omarkanov yurtimizdagi bunday oʻzgarishlar, xokkeyga boʻlgan munosabatdan mamnun ekanini bildirdi. Qolaversa, bugun boshlangan xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinining yuqori saviyada tashkil etilgani, kelgusida yana koʻplab xalqaro tadbirlar mezbonligini Oʻzbekistonga topshirish uchun ishonch paydo boʻlganini qoʻshimcha qildi. Suhbat davomida tomonlar mamlakatimizda qishki sport turlari va Olimpiya harakatini yanada rivojlantirishning yangi bosqichlariga oid qator rejalarni muhokama qilishdi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, qishki sport turlari boʻyicha bu kabi loyiha mamlakatimizda birinchi bor oʻtkazilmoqda. Unda 30 dan ortiq mamlakatdan 100 nafardan ziyod yosh xokkeychilar ishtirok etishmoqda. Maʼlumot uchun, OOK bilan hamkorlikda oʻtgan yili noyabr oyida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari ishtirokida 5 sport turida murabbiy va hakamlar uchun seminar tashkil etilgan edi.

Text to speech