1 Avgust 2023 1172

Besh nafar yengil atletikachimiz jahon chempionatida ishtirok etadi

19-27-avgust kunlari Vengriyaning Budapesht shahrida yengil atletika boʻyicha navbatdagi jahon chempionati boʻlib oʻtadi. Dunyoning eng kuchli atletlari qatnashadigan musobaqada hamyurtlarimiz ham ishtirok etishadi.

Butunjahon yengil atletika federatsiyasi mazkur dunyo birinchiligida Oʻzbekiston terma jamoasining 5 nafar aʼzosi qatnashishini tasdiqladi. Unga koʻra, Yekaterina Voronina yetti kurash, Sharifa Davronova uch hatlab sakrash, Anvar Anvarov uzunlikka sakrash, Safina Sadullayeva balandlikka sakrash, Yekaterina Tunguskova marafon yugurish dasturlarida oʻz omadlarini sinab koʻrishadi. Qayd etish joiz, bellashuvlar davomida sportchilarimiz Parij-2024 normativlarini bajarishsa, Olimpiada yoʻllanmalarini ham qoʻlga kiritishlari mumkin. Yurtdoshlarimiz musobaqada quyidagi sanalarda chiqishadi:

19-avgust: Yekaterina Voronina (100 metrga toʻsiqlar osha yugurish, balandlikka sakrash, yadro uloqtirish va 200 metrga yugurish), Sharifa Davronova (saralash);

20-avgust: Yekaterina Voronina (uzunlikka sakrash, nayza uloqtirish, 800 metrga yugurish);

21-avgust: Sharifa Davronova (final);

23-avgust: Anvar Anvarov (saralash);

24-avgust: Anvar Anvarov (final);

25-avgust: Safina Sadullayeva (saralash);

26-avgust: Yekaterina Tunguskova (final);

27-avgust: Safina Sadullayeva (final).

Boʻlajak jahon chempionatida yurtdoshlarimizga omad va zafarlar tilaymiz.

Text to speech