75 yoshni qarshi olgan Bahodir Maxsitovga munosib ehtirom koʻrsatildi
Kecha Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov qutlugʻ 75 yoshni qarshi olgani haqida xabar bergan edik. Bugun Adham Ikramov boshchiligidagi Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisining oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi rahbariyati, sport faxriylari, B.Maxsitovning yaqinlari Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida taniqli davlat arbobini ushbu ayyom bilan qutlash uchun jam boʻlishdi.
Tadbir avvalida Bahodir Maxsitovichning faoliyati davomida turli sohalarda yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi uzoq yillik samarali ishlari, sportimiz rivojiga qoʻshgan hissasi yod olindi. Mustaqil Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻzining ilk yozgi va qishki Olimpiya oʻyinlaridagi ishtiroki aynan Bahodir Maxsitovichning sport sohasini rivojlantirishga masʼul etib tayinlangan davriga toʻgʻri kelgan. Bu orada Lillexammer-1994 qishki, Atlanta-1996 yozgi Olimpiya oʻyinlarida jonajon Oʻzbekistonimiz oʻzining Olimpiadalardagi ilk medallarini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, mamlakatimizda Olimpizm harakatiga tamal toshi qoʻyilishida ham bevosita B.Maxsitovning xizmatlarini alohida eʼtirof etish mumkin.
Bugun tadbirda soʻz olgan rasmiylar u kishining boshqa xizmatlarini ham alohida eʼtirof etishdi. Xususan, 2020-yilning dekabr oyidan beri Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi sifatida faoliyat olib borayotgani, sportimiz fidoyilarining holidan xabar olish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yosh sportchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirayotgan ishlarini alohida taʼkidlashdi. Tadbir davomida Adham Ikramov kun qahramoniga vazirlikning esdalik sovgʻalarini topshirdi. Oybek Kasimov esa anʼanaga muvofiq, yubiley yoshni qarshi olayotgan sport faxriylariga atalgan MOQning esdalik medalini tantanali ravishda taqib qoʻydi.
B.Maxsitov faoliyati davomida sport sohasida hozirda turli lavozimlarda ishlayotgan mutasaddilarga ustozlik qilgan. Tadbirda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, “Paxtakor” futbol klubi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi, Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasi, Butunjahon belbogʻli kurash federatsiyasi va boshqa koʻplab tashkilotlar esdalik sovgʻalarini taqdim qilishdi. Sportimiz faxriylari soʻz olib, kengash raisiga oʻzlarining iliq tilaklarini yoʻllashdi.
Oʻz navbatida, Bahodir Maxsitovich koʻrsatilgan bunday eʼtibor va ehtiromdan boshi koʻkka yetgani, kelgusida ham mamlakatimiz sporti rivoji uchun qoʻlidan kelgan barcha yordamni koʻrsatishga tayyor ekanini bildirdi.